TOShKENT, 30-may — Sputnik. O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirovga Rossiya Federatsiyasining “Do‘stlik” ordeni topshirildi. Bu haqda Madaniyat vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ordenni topshirish marosimi O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning Madaniyat bo‘yicha quyi komissiyasining beshinchi majlisida bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekistonda Rossiya madaniyati kunlari
© Ministerstva kulturi
Unda O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Rossiya madaniyat vaziri Olga Lyubimova ishtirok etdi.
Vazirlar Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniyat sohasidagi hamkorlik holati va uni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.
Shuningdek, ikki mamlakat xalqlari farovonligi yo‘lida madaniy sohadagi almashinuv va hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishni davom ettirishga kelishib oldilar.
O‘zbekistonda Rossiya madaniyati kunlari
© Ministerstva kulturi
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil noyabr oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston san’atkorlarini mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi. Hujjatga muvofiq, “Yalla” ansambli badiiy rahbari Farrux Zokirov va “O‘zbekkonsert” artisti Sevara Nazarxonova “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangandi.
“Do‘stlik” ordeni 1994-yil ta’sis etilgan. U Rossiya va chet el fuqarolariga xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashdagi xizmatlari, fan va madaniyat sohasidagi yutuqlari uchun beriladi.