TOShKENT, 27-may — Sputnik. Ukrainaning dronlar yordamida Rossiya hududlariga ommaviy hujumlariga javoban Rossiya armiyasi faqat Ukraina harbiy-sanoat kompleksining harbiy obyektlari va korxonalariga zarba bermoqda, deya
xabar berdi Rossiya Mudofaa vazirligi.
Rossiya Federatsiyasi tashabbusi bilan Ukrainadagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rossiya-Ukraina muloqoti qayta tiklandi. Shu bilan birga, Kiyev rejimi Yevropaning ayrim davlatlari ko‘magida muzokaralar jarayonini buzishga qaratilgan bir qator provokatsion qadamlarni qo‘ydi.
Qayd etilishicha, Ukraina dronlarining Rossiya hududlariga hujumlari natijasida tinch aholi, jumladan, ayollar va bolalar jabrlandi.
Shuningdek, 20-may kuni Jitomir viloyatidagi Ozernoe aerodromining infratuzilma obyektlari, Dnepropetrovsk viloyatidagi o‘q-dorilar, harbiy-texnik mulk va yoqilg‘i-moylash materiallari omborlari guruh zarbasi bilan zarar ko‘rdi.
21 may kuni Ukraina Qurolli kuchlari mexanizatsiyalashgan brigadasining Sumi viloyatidagi vaqtinchalik joylashuv punkti va raketa-artilleriya qurollari ombori, shuningdek, DXRning Svatogorsk aholi punkti yaqinidagi xorijiy yollanma askarlarning vaqtinchalik joylashuv punkti va Xarkov viloyatidagi "Xarkov" operativ-taktik guruhining o‘q-dorilar omboriga zarba berildi.
22 may kuni Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari Ukrainaning mudofaa sanoati korxonasi (Pavlograd kimyo zavodi, Dnepropetrovsk viloyati), samolyotlarni ta’mirlash sexi, Krivoy Rog va Nikolayev viloyatlaridagi harbiy aerodrom infratuzilmasi obyektlari va havo hujumidan mudofaa radiolokatsion stansiyalari, Xarkov viloyatidagi xorijiy yollanma askarlarni vaqtinchalik joylashtirish punktiga yuqori aniqlikdagi qurollar bilan zarbalar berdi.
"Iskander-M" bilan Dnepropetrovsk viloyati Orjonikidze aholi punkti hududida "AN/MPQ -65" ko‘p funksiyali radiolokatsion stansiyasi, "Patriot" zenit raketa majmuasining jangovar boshqaruv mashinasi va ikkita uchirish moslamasi yo‘q qilindi.
23 may kuni Odessa portidagi harbiy mol-mulk va o‘q-dorilar yuk tushirish joyi va konteynerlar omboriga yuqori aniqlikdagi yer usti qurollari bilan guruhli raketa hujumi uyushtirildi.
“Zarba natijasida ekipajsiz katerlar, uchuvchisiz uchish apparatlari uchun butlovchi qismlar, shuningdek, o‘q-dorilar bo‘lgan 100 ga yaqin konteyner yo‘q qilingan”, — deyilgan xabarda.
Zaporojye viloyatidagi Kislichevataya aerodromida, shuningdek, Kirovograd viloyatidagi Kanatovo aerodromida infratuzilma obyektlari va zarba beruvchi uchuvchisiz uchish apparatlarini tayyorlash joylari, Xarkov viloyatidagi "Volchansk" taktik guruhining o‘q-dori omborlari yakson qilindi.