TOShKENT, 22-may — Sputnik. AQSh prezidenti Donald Tramp bilan bog‘liq bo‘lgan "Trump" kriptovalyutasi O‘zbekistondagi UzNEX kriptobirjasida listingdan o‘tdi, deya xabar bermoqda savdo platformasi.
"UzNEX "OFFICIAL TRUMP" (TRUMP) tokeni listing (kompaniyaning qimmatli qog‘ozlarini savdo uchun birja ro‘yxatiga kiritish jarayoni) qilinganini mamnuniyat bilan e’lon qiladi," — deyiladi kriptobirja saytida joylashtirilgan xabarda.
Platforma ma’lumotlariga ko‘ra, yangi kriptovalyuta bo‘yicha depozitlar payshanba kuni ochilgan, savdolar boshlandi.
"Kripto-aktivlar yuqori o‘zgaruvchanlikka ega va bozor risklariga ega. UZNEX loyihaning texnik barqarorligi va ishonchliligi asosida listing o‘tkazsa-da, qiymatning o‘sishi yoki foyda kafolatlanmaydi. Barcha investitsion qarorlar investor tomonidan mustaqil ravishda, chuqur tahlil va tushunishdan so‘ng qabul qilinadi. Bozor sharoitlariga qarab asosiy kapitalning yo‘qotilishi mumkin. Barcha mas’uliyat investorning zimmasida", —deyiladi xabarda.
Yanvar oyida Donald Tramp o‘zining kriptovalyutasi - "Official Trump" "memkoin"ini ishga tushirganini ma’lum qilgandi. Xorij OAVga ko‘ra, Tramp va uning ittifoqchilari kriptovalyuta ishga tushirilgandan beri savdolardan 300 million dollardan ortiq komissiya haqi ishlab olishgan.