Endi odam savdosi bilan shug‘ullanganlar 10-yilgacha ozodlikdan mahrum etiladi

O‘zbekiston odam savdosi jinoyati uchun jazo choralarini kuchaytirdi.
Sputnik
TOShKENT, 20-may — Sputnik. O‘zbekistonda odam savdosi jinoyati uchun jazo choralari kuchaytirildi. Bu haqda tegishli qonun bilan Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlarda nazarda tutilgan.
Jinoyat kodeksining 135-moddasiga odam savdosi bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyatni sodir etganlik uchun jazo choralari kuchaytirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritilmoqda.
“Odam savdosi jinoyatini qalbaki hujjatlardan foydalangan holda, xuddi shuningdek jabrlanuvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni olib qo‘ygan, yashirgan yoxud yo‘q qilib yuborgan holda sodir etganlik 5-yildan 10-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi”, — deyiladi hujjat matnida.
Ilgari mazkur jinoyat uchun 5-yildan 8-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Shuningdek, ushbu jinoyat jabrlanuvchining o‘limiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa 10-yildan 15-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi ko‘zda tutildi. Ilgari mazkur jinoyat uchun 8-yildan 12-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan kuchga kiradi.
Odam savdosi: homiladorlarga nisbatan sodir etilgan jinoyat uchun jazo kuchaytiriladi