O‘zbekiston va YeOII

YeIK vaziri: Transport va logistika – barqaror Yevroosiyo integratsiyasining asosiy elementlari

Vazir jahon iqtisodiyotidagi o‘zgarishlar fonida barqaror logistika zanjirlari, infratuzilma aloqasi va transport sanoatining raqamli transformatsiyasi alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Sputnik
TOShKENT, 17-may — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasining (YeIK) transport va infratuzilma vaziri Arzibek Kojoshev Dubayda (BAA) bo‘lib o‘tgan 12-Global logistika konferensiyasining yalpi majlisida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) transport-logistika makonini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari haqida gapirdi. Bu haqda YeIK matbuot xizmati xabar berdi.
Vazir jahon iqtisodiyotidagi o‘zgarishlar fonida barqaror logistika zanjirlari, infratuzilma aloqasi va transport sanoatining raqamli transformatsiyasi alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Bu yo‘nalishlar Ittifoqqa a’zo davlatlar iqtisodiyotlarining raqobatbardoshligini oshirish va jahon bozorlariga integratsiyalashuviga asos bo‘lmoqda.
“Bugungi kunda har qachongidan ham kelishilgan qarorlar va infratuzilmaga sarmoya kiritish zarur. Samarali, uzluksiz va raqamli logistika yo‘nalishlarini shakllantirish YeOII uchun ham, hamkorlarimiz uchun ham ustuvor vazifadir”, - dedi vazir.
Arzibek Kojoshev, shuningdek, YeIK tomonidan transport va logistika sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, YeOII institutsional tashabbuslari: e-CMR’ni joriy etish, intellektual transport tizimlarini rivojlantirish, Yevroosiyo transport koridorlarini rivojlantirish kompleks rejasini amalga oshirish bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etdi.
“Transport va logistika – zamonaviy dunyo taraqqiyotining drayveri. Ularning ishonchliligiga nafaqat yetkazib berish tezligi, balki iqtisodiyot barqarorligi, oziq-ovqat va sanoat xavfsizligi, mamlakatlar o‘rtasidagi ishonch ham bog‘liq”, – dedi Arzibek Kojoshev.
Vazir global logistika arxitekturasini mustahkamlashga qaratilgan hamkorlar bilan muloqotni chuqurlashtirishga tayyorligini bildirdi.
O‘zbekiston va YeOII
YeIK O‘zbekiston bilan oziq-ovqat xavfsizligi sohasida hamkorlikni rivojlantiradi