TOShKENT, 14-may — Sputnik. Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro energetika forumining ikkinchi kunida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitasi a’zosi Boriy Alixonov yashil vodorod olish bo‘yicha texnologik innovatsiya loyihasi haqida gapirdi, deya xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Gap gibrid energiya manbalari va vodorod tizimiga asoslangan avtonom texnik majmua haqida bormoqda. Uni respublikaning chekka hududlarida ham o‘rnatish mumkin.
Loyihaning amalga oshirilishi uchuvchisiz uchish apparatlarini yonilg‘i quyish va boshqa maqsadlar uchun zarur bo‘lgan vodorodni olish imkonini beradi.
Texnologicheskiy innovatsionniy proyekt po polucheniyu zelenogo vodoroda
© Sputnik
“Umuman olganda, vodorod yoqilg‘i emas, vodorod energiya tashuvchisi, deb ayta olaman. O‘ylaymanki, kelajakda energiyaning asosiy tayanchlaridan biri yoki fundamental yo‘nalishlaridan biri vodoroddan, ayniqsa yashil vodoroddan kriogen yoqilg‘i va umuman energiya tashuvchi sifatida foydalanish bo‘ladi”, — dedi u.
O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish yo‘nalishi belgilandi. Biroq Alixonovning fikricha, respublikaning energetik xavfsizligini ta’minlash uchun boshqa usullar haqida o‘ylash va energetika sohasini diversifikatsiya qilish muhim.
“Chunki quyosh energetikasi, shamol energetikasi sohalarida muammolar bor, hududlar bor, ishlab chiqarilayotgan energiya samaradorligi pastligi, energiyani saqlash va boshqalar. Bu borada ishlashimiz kerak. O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti taxminan 5-6 foizga o‘sib borayotganini, aholi o‘sishi esa yiliga 700-800 ming kishini tashkil etayotganini inobatga olsak, 2030-yilga borib bizga kamida 130 milliard kilovatt elektr energiyasi kerak bo‘ladi”, — dedi u.