TOShKENT, 13-may — Sputnik. Bugun muborak haj safarini niyat qilgan ziyoratchilarning dastlabki guruhi Madinaga jo‘nab ketdi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabar berdi.
Toshkent xalqaro aeroportida ziyoratchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev hamda taniqli ulamolar, imom-domlalar, mutasaddilar ishtirokida kuzatildi.
“Shunday qilib, orzulari ro‘yobidan his-hayajonga to‘lgan “Haj-2025” mavsumining ilk ziyoratchilari Toshkent xalqaro aeroportidan Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketishdi”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 28-mayga qadar har kuni O‘zbekistondan Saudiya Arabistoniga aviaqatnovlar amalga oshiriladi. Ziyoratchilar O‘zbekistonning 9 ta hududidagi Toshkent, Buxoro, Namangan, Samarqand, Qarshi, Termiz, Urganch, Navoiy va Nukus shaharlaridagi aeroportlar orqali Madina shahriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchadi.