TOShKENT, 11-may — Sputnik. Toshkentda joylashgan Hukumat binosi madaniy meros obyektlar ro‘yxatiga kiritiladi. Bu haqda Madaniy meros agentligi tomonidan ishlab chiqilgan qaror loyihasida nazarda tutilgan.
Hujjat Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-son qarori bilan tasdiqlangan Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi.
Unga ko‘ra, 1962-1964 yillardagi Mustaqillik maydoni ko‘chasi 5-uy manzilida joylashgan Vazirlar Mahkamasining binosini ham ro‘yxatga kiritish ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, ro‘yxatga yana 130 ga yaqin obyektlar kiritilishi kutilmoqda. Ular orasida masjidlar, muzeylar va turar joy binolari ham bor.