TOShKENT, 8-may — Sputnik. Qashqadaryo viloyatida yashovchi 115 yoshli urush qatnashchisiga o‘n ming dollar miqdoridagi prezident mukofoti yetkazildi, deya xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.
Viloyat hokimi Murotjon Azimov prezidentning tabrigini o‘qib eshittirish uchun eng keksa Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi xonadoniga tashrif buyurdi.
“Qamashilik Ro‘ziboy bobo Sattorov 115 yoshni qarshi olgan bo‘lib, bugun viloyat hokimi Murotjon Azimov davlatimiz rahbarining tabrigini Ro‘ziboy boboga o‘qib eshittirdi”, — deyiladi xabarda.
Viloyat hokimi Ro‘ziboy Sattorovga prezident mukofoti, o‘n ming dollar miqdoridagi pulni topshirdi.
Qayd etilishicha, Ikkinchi jahon urushi yillarida Qashqadaryo viloyatidan 47051 nafar fuqaro frontga jo‘natilgan. Ularning 24974 nafardan ortig‘i jang maydonlarida halok bo‘lgan.
Ikkinchi jahon urushi faxriysi, 115 yoshli (urushga qatnashganlar ichida eng yoshi ulug‘i) Ro‘ziboy bobo Sattorov hisoblanadi.