TOShKENT, 8-may — Sputnik. Vladimir Putin Ulug‘ Vatan urushidagi G‘alabaning 80-yilligi munosabati bilan qator davlatlar, jumladan O‘zbekiston rahbariga tabrik yo‘lladi, deya xabar berdi Kreml matbuot xizmati.
“Vladimir Putin Ulug‘ Vatan urushidagi G‘alabaning 80-yilligi munosabati bilan Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Abxaziya, Janubiy Osetiya, Isroil rahbarlariga, shuningdek, Gruziya va Moldova xalqlariga tabrik yo‘lladi”, — deyiladi xabarda.
Rossiya prezidenti mamlakatlar fashist bosqinchilariga qarshi yelkama-yelka jasorat bilan kurashgan, orqa tomonda fidokorona mehnat qilgan ota-bobolarning shonli jasoratlari xotirasini muqaddas hurmat bilan e’zozlashini alohida ta’kidladi.
“G‘oliblar avlodining ahdlarini avaylab saqlash bizning muqaddas burchimizdir. Shunday ekan, umumiy tariximizni buzib ko‘rsatish, fashistlar va ularning sheriklari tomonidan sodir etilgan vahshiyliklarni oqlash yoki unutishga bo‘lgan har qanday urinishlarni murosasiz bostirish juda muhim”, — dedi Rossiya davlat rahbari.
Rossiya prezidenti xorijiy davlatlar rahbarlari va fuqarolariga yo‘llagan tabrigida Ulug‘ Vatan urushi faxriylari va front orti mehnatkashlariga samimiy tabriklar va samimiy minnatdorlik so‘zlarini yetkazdi, ularga mustahkam sog‘lik, farovonlik va uzoq umr tiladi.
“Vladimir Putin Gruziya va Moldova xalqlariga murojaatlarida bizga meros bo‘lib qolgan do‘stlik va o‘zaro yordamning ezgu an’analarini asrab-avaylashga, umumiy tarixiy merosimiz unutilishiga, do‘st xalqlar o‘rtasida nizo kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi”, — deya qayd etilgan xabarda.