BMT O‘zbekiston tashabbusidagi o‘rmonzorlashtirishga oid hujjatni qabul qildi — tafsilotlar

TIV: 80 dan ortiq davlat rezolyutsiyaning hammualliflari hisoblanadi.
Sputnik
TOShKENT, 29 apr — Sputnik. BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan Barqaror o‘rmon xo‘jaligi asosida o‘rmonzorlashtirish va o‘rmon tiklash bo‘yicha Harakatlar Dekadasi” haqidagi rezolyutsiyani qabul qildi, deya xabar berdi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, rezolyutsiyaga 80 tadan ortiq davlat hammuallif hisoblanadi. Ular dunyoning barcha mintaqalarini, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlarini, Ozarbayjon, Rossiya, Braziliya, Avstriya, Germaniya, Finlyandiya, Portugaliya, Hindiston, Eron, Pokiston, BAA, Qatar, Bahraynni o‘z ichiga oladi.
“Ushbu hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining asosiy tashabbuslari, jumladan “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili” dasturi, “Yashil makon” milliy loyihasi va “Markaziy Osiyo Yashil kamar” daraxt ekish aksiyasi asosida yaratilgan”, — deyiladi xabarda.
Rezolyutsiya 2027–2036 yillarni O‘rmonzorlashtirish va O‘rmon tiklash Harakatlar Dekadasi deb e’lon qiladi, kuch va resurslarni mobilizatsiya qilishga chaqiradi, shuningdek, davlatlar va tashkilotlarni tegishli chora-tadbirlarni kuchaytirishga tavsiya etadi.
BMT O‘zbekiston tashabbusi bilan yana bir rezolyutsiyani qabul qildi