TOShKENT, 28 apr — Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin G‘alabaning 80-yilligi munosabati bilan sulh e’lon qildi, deya xabar berdi Kreml matbuot xizmati.
“Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari Oliy Bosh Qo‘mondoni Vladimir Putinning qarori bilan insonparvarlik nuqtayi nazaridan kelib chiqib, G‘alabaning 80-yilligi nishonlanadigan kunlarda – 7-8 may yarim tundan 10-11 mayga o‘tar kechasigacha Rossiya tomoni o‘t ochishni to‘xtatish rejimini e’lon qildi”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, bu davrda barcha harbiy harakatlar to‘xtaydi. Rossiya Ukraina tomoni ham bundan namuna olishi kerak, deb hisoblaydi.
“Ukraina tomonidan otashkesim buzilgan taqdirda Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari tegishli va samarali javob beradi. Rossiya tomoni Ukraina inqirozining asl sabablarini bartaraf etishga va xalqaro hamkorlar bilan konstruktiv hamkorlik qilishga qaratilgan dastlabki shartlarsiz tinchlik muzokaralariga tayyorligini yana bir bor e’lon qiladi”, — deya qayd etilgan xabarda.