TOShKENT, 28 apr — Sputnik. O‘zbekiston va Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirliklari butun mintaqada tinchlik va osoyishtalikni saqlashga ko‘maklashish yo‘lida yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi. Bu haqda tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Mavlaviy Amir Xon Muttaqiy o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi.
TIV rahbarlari muloqot davomida O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash tarafdori ekanliklarini tasdiqlashdi.
“Biz mintaqaning to‘liq salohiyatini ochishga qaratilgan muhim o‘zaro bog‘liqlik tashabbusi bo‘lgan Trans-Afg‘on temir yo‘li loyihasini ham muhokama qildik. Barqaror rivojlanish, shuningdek, butun mintaqada tinchlik va osoyishtalikni saqlashga ko‘maklashish yo‘lida yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldik”, — deb yozadi O‘zbekiston TIV rahbari.
Qayd etilishicha, kengayib borayotgan ikki tomonlama hamkorlikning turli yo‘nalishlarda hali ham foydalanilmagan salmoqli salohiyat mavjud.