TOShKENT, 28 apr — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "INNOPROM. Markaziy Osiyo" V xalqaro sanoat ko‘rgazmasi ochilishida ishtirok etadi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘zining Telegram-kanalida.
“Prezident Shavkat Mirziyoyev "INNOPROM. Markaziy Osiyo" V xalqaro sanoat ko‘rgazmasi ochilishi hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi hududlarining I forumida ishtirok etadi. Tadbirlar doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan”, — deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Toshkentda 28-30 aprel kunlari “INNOPROM.Markaziy Osiyo” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Ko‘rgazma beshinchi bor energetika va metallurgiya, sanoatni avtomatlashtirish va IT-texnologiyalari, farmatsevtika, tibbiyot kompleksi va boshqa turli sohalarda faoliyat yurituvchi kompaniyalar uchun hamkorlik markaziga aylanishi kutilmoqda.
Xalqaro sanoat ko‘rgazmasining asosiy elementlaridan biri bozorning dolzarb ehtiyojlarini hisobga olgan holda shakllantirilgan hamda sanoat kooperatsiyasi va innovatsiyalarni rivojlantirishga bag‘ishlangan keng ko‘lamli tadbirlarni o‘z ichiga olgan biznes-dastur hisoblanadi.
Dastur asosiy tendensiyalarni muhokama qilish, tajriba almashish va hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni topish uchun yetakchi ekspertlar, biznes va hukumat vakillarini birlashtiradi. U turli sohalarni qamrab oladi va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga qaratilgan.