O‘zbekiston va YeOII

ESCAP YeOII mamlakatlari bilan hamkorlikni kengaytirmoqchi

YeIK va ESCAP yangi anglashuv memorandumini imzolashga tayyor.
Sputnik
TOShKENT, 24 apr — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) va Osiyo va Tinch okeani iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESCAP) hamkorlikni yanada kengaytirish va yangi anglashuv memorandumini imzolashga tayyorligini tasdiqladi, deya xabar berdi komissiya matbuot xizmati.
YeIKning iqtisodiyot va moliya siyosati vaziri Baxit Sultanov Tailandda Osiyo va Tinch okeani iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi sessiyasida ishtirok etdi.
“Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kechayotgan integratsiya jarayonlarining ta’siri unga a’zo davlatlardan tashqarida ham qo‘shni mintaqalar, jumladan, Markaziy Osiyoga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda, — dedi Baxit Sultanov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ittifoq tovarlar, xizmatlar, kapital va ishchi kuchining erkin harakatlanishi, sarmoyaviy hamkorlik, samarali transport-logistika tarmog‘ini shakllantirish bilan bog‘liq bir qator asosiy jarayonlarni ta’minlash orqali Yevroosiyo mintaqasida barqaror rivojlanishga yordam beradi.
Tashrif doirasida YeIK vaziri BMT bosh kotibi o‘rinbosari va ESCAP Ijrochi kotibi bilan uchrashdi. Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish kontekstida hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, ESCAP komissiya, shuningdek, YeOII mamlakatlari bilan turli yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor. Baxit Sultanov zamonaviy sinovlarni yengish va global o‘zgarishlarga moslashish uchun hamkorlikni faollashtirish muhimligini ta’kidladi.
“O‘zaro anglashuv memorandumini tuzishga kelsak, tomonlar u global o‘zgarishlarga moslashish zarurligini inobatga olgan holda hamkorlikning yangi ustuvor yo‘nalishlari va maqsadlarini o‘z ichiga olishini tasdiqladi. Hujjatning imzolanishi YeIK va ESCAP o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESCAP) 53 ta davlatni o‘z ichiga oladi, jumladan Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va O‘zbekiston.