TOShKENT, 22 apr — Sputnik, Bahrom Hatamov. Buxoro nafaqat Islom madaniyati markazi, balki boy tabiiy resurslarga ega ekoturizm maskaniga ham aylanmoqda. Bunga Buxoro markazidan 15 km uzoqlikda joylashgan “Buxoro Varnet" botanika bog‘ini misol qilish mumkin.
Ochiq va yopiq issiqxona zonalariga ega bo‘lgan bu bog‘da 10 mingdan ziyod o‘simlik turlari, rang-barang gullar, ekzotik daraxtlar hamda mukammal landshaft dizayni jamlangan. Majmua yopiq holatda bo‘lgani uchun to‘rt faslda ham bir xil go‘zallik va havo sifati saqlanadi. Bu yerda nafaqat yashil xiyobonlar bo‘ylab sayr qilish, balki noyob qushlar, baliqlar va ekzotik mevalarni uchratish ham mumkin.
Bog‘da bolalar uchun maxsus o‘yin maydonlari, konsert zallari, oilaviy hordiq chiqarish joylari ham bor. Shuningdek, nogironligi bo‘lganlar va keksalar uchun maxsus aravacha xizmati bepul taqdim etiladi. Bog‘ kuniga 2000 nafargacha tashrif buyuruvchilarni qabul qilish imkoniga ega.