TOShKENT, 17 apr — Sputnik. Ukraina Markaziy saylov komissiyasi (MSK) rahbari Oleg Didenko mojarodan keyin saylovlarni kechiktirmaslikka chaqirdi. Bu haqda RIA Novosti Ispaniya nashriga tayanib, xabar berdi.
Didenkoning ta’kidlashicha, mojaro tugaganidan keyin yetarli asoslarsiz hokimiyatda qolishga urinish kabi ko‘rinmasligi uchun mamlakatda saylovlar muddatini haddan tashqari kechiktirmaslik kerak.
"Biz urushdan keyingi saylovlarga qo‘limizdan kelganicha tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak... yetarli asoslarsiz hokimiyatda qolishga urinish kabi ko‘rinmasligi uchun muddatlarni haddan tashqari uzaytirmaslik kerak", — dedi Didenko OAVga bergan intervyusida.
Markaziy saylov komissiyasi rahbarining ta’kidlashicha, harbiy harakatlar to‘xtatilgach, Ukrainaga saylovlarni tashkillashtirish uchun uch oydan ko‘proq vaqt kerak bo‘ladi.
Vladimir Zelenskiyning vakolat muddati 2024-yil 20-mayda tugagan. Ukrainada 2024-yilgi prezidentlik saylovlari harbiy holat va umumiy safarbarlik sabab bekor qilingan. Zelenskiy saylovlar hozir o‘z vaqtida emasligini aytdi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin ma’lum qilganidek, Ukraina Konstitutsiyasiga ko‘ra, Ukraina prezidenti harbiy holat sharoitida ham o‘z vakolatlarini uzaytirish huquqiga ega emas. Faqat Rada, ya’ni mamlakat parlamenti vakolatlarini kengaytirish huquqiga ega. Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Zelenskiyni “saylovsiz diktator” deb atadi va Zelenskiyning reytingi 4 foizgacha tushib ketganini ma’lum qilgandi.