TOShKENT, 10 apr – Sputnik. O‘zbekiston Yevroosiyo taraqqiyot bankini (YeOTB) ta’sis etuvchi xalqaro bitimga qo‘shildi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar berdi.
"O‘zbekiston Respublikasining Yevroosiyo taraqqiyot bankini ta’sis etish haqidagi Bitimga qo‘shilishi to‘g‘risida"gi qonun qabul qilindi.
Qonun bilan O‘zbekiston mazkur xalqaro bitimga qo‘shildi.
Bitimning asosiy maqsadi – investitsiya faoliyati orqali unga qo‘shilgan ishtirokchi davlatlarning iqtisodiy o‘sishiga va ular o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga ko‘maklashish.
Ma’lumot uchun, mazkur bitim 2006-yil 12-yanvarda Ostona shahrida qabul qilingan.
YeOTB Yevroosiyo makonida investitsiya faoliyatini amalga oshiruvchi xalqaro moliyaviy tashkilotdir. 17-yildan ortiq vaqt mobaynida YeOTB o‘z a’zolari bo‘lgan mamlakatlarning iqtisodiy aloqalarini mustahkamlash va kengaytirishga, har tomonlama rivojlanishiga ko‘maklashib kelmoqda.
YeOTBning ustav kapitali — 7 mlrd dollar. Bank portfelidagi asosiy ulushni transport infratuzilmasi, raqamli tizimlar, yashil energiya, qishloq xo‘jaligi, sanoat va mashinasozlik sohalarida integratsiya effektiga ega bo‘lgan loyihalar egallaydi.