Rossiya telekanali Buxoro haqida maxsus ko‘rsatuv tayyorlamoqda

2-7 aprel kunlari boshlovchi Janna Badoyeva boshchiligidagi ijodiy guruh Buxoro viloyatining diqqatga sazovor joylarida bo‘ldi.
Sputnik
TOShKENT, 9 apr – Sputnik. Rossiyaning "Perviy kanal" telekanalining ommabop "Boshqalar hayoti" ("Jizn drugix") ko‘rsatuvining O‘zbekistonga bag‘ishlangan maxsus soni suratga olinmoqda, deb xabar qildi "Dunyo"AA.
O‘zbekiston elchixonasi va Turizm qo‘mitasi bilan hamkorlikda ko‘rsatuvni suratga olish guruhining O‘zbekistonga ijodiy safari tashkil etildi. 2-7 aprel kunlari boshlovchi Janna Badoyeva boshchiligidagi ijodiy guruh Buxoro viloyatining diqqatga sazovor joylarida bo‘ldi.
Buxoroning sayyohlik salohiyati va hudud aholisi hayoti haqidagi maxsus film "Birinchi kanal"da namoyish etiladi.
2024 yilda "Boshqalar hayoti" ko‘rsatuvining Samarqandga, 2023-yil aprel oyida esa "Birinchi kanal"da Toshkentga bag‘ishlangan ikki qismli film namoyish etilgan edi. Ushbu dasturlar rossiyalik tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Mazkur teleloyiha 2019-yildan beri efirga uzatilib kelinmoqda. Ko‘rsatuvni bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab 250 milliondan ortiq kishi tomosha qiladi.
"Boshqalar hayoti" dunyoning turli mamlakatlarining sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilib kelmoqda. Shuningdek, odamlarning qanday yashashi, avlodlari, qayerda o‘qishi, qanday kasblarni tanlashi, qanday oila qurishi va dam olishi, o‘z tug‘ilgan shaharlarida nimani yoqtirishi kabi mavzularni yoritib boradi.
Buxoroning yetti piri: muqaddas so‘fiy ziyoratgohlariga sayohat