TOShKENT, 9 apr – Sputnik. Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy “LB.ua” nashriga bergan intervyusida AQSh tomonidan harbiy yordam qisqargani haqida ma’lum qildi.
“Hamkorlarning qo‘llab-quvvatlashi, albatta, hal qiluvchi rolni o‘ynaydi, ayniqsa, Amerika Qo‘shma Shtatlari bizga yordam berganida. Hozir AQSh tomonidan yordam kamaydi. Asosiy yordam esa Yevropadagi hamkorlarimizdan kelmoqda”, - dedi u.
Mart o‘rtalarida Vladimir Zelenskiyning idorasi rahbari o‘rinbosari Pavel Palisa Vashington Kiyevga xavfsizlik sohasida yordam ko‘rsatishni tiklaganini tasdiqlagandi.
Bundan oldin Saudiya Arabistonida AQSh va Ukraina delegatsiyalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng Zelenskiyning idorasi qo‘shma bayonot e’lon qildi, unda Kiyev 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish taklifiga rozi bo‘ldi. Hujjatda, shuningdek, Vashington zudlik bilan razvedka ma’lumotlarini almashishdagi pauzani bekor qilishi va Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishi aytildi.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ta’kidlashicha, Kiyevga harbiy yordamni to‘xtatish Moskva va Vashington o‘rtasidagi muzokaralar kun tartibida muhim o‘rin tutadi.
Kil Jahon iqtisodiyoti instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yil fevralidan beri AQShning Ukrainaga ko‘rsatgan yordami 123 milliard dollarni tashkil qilgan.