TOShKENT, 4 apr — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi" birinchi sammiti doirasida Serdar Berdimuhamedov, Sadir Japarov, Emomali Rahmon va Qasim-Jomart Toqayev bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov Mirziyoyevga Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning samimiy salomini yetkazdi.
O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra 1,1 milliard dollardan oshgan tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari barqaror o‘sib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Bo‘lajak oliy darajadagi ikki tomonlama uchrashuvlar va ko‘p tomonlama tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish, shuningdek, keng qamrovli hamkorlik bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz respublikasi prezidenti Sadir Japarov 31-mart kuni Xo‘jand shahrida davlat rahbarlarining uch tomonlama uchrashuvi samarali bo‘lgani hamda davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risida tarixiy shartnoma imzolanganini alohida mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Vstrecha Prezidenta Respubliki Uzbekistan Shavkata Mirziyoyeva i Prezidenta Kirgizskoy Respubliki Sadira Japarova
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalari, xususan, sanoat, transport, energetika va infratuzilma sohalarida muhim kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish choralari ko‘rib chiqildi. Davlat rahbarlari faol hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish zarurligini ta’kidladilar. Bo‘lajak tadbirlar rejasi va mintaqaviy hamkorlikning boshqa dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan ham muzokara o‘tkazdi. Suhbat avvalida O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilari joriy yil 31-mart kuni Xo‘jand shahrida o‘tgan oliy darajadagi uch tomonlama uchrashuvning tarixiy natijalarini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Vstrecha Prezidenta Respubliki Uzbekistan Shavkata Mirziyoyeva i Prezidenta Kirgizskoy Respubliki Sadira Japarova
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Chegara masalalarining to‘liq tartibga solinishi mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda yangi sahifa ochishi ta’kidlandi. O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu oyda bo‘lib o‘tadigan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishida tovar ayirboshlashni ko‘paytirish va kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish muhimligi qayd etildi.
Yetakchilar mintaqaviy kun tartibidagi masalalarni, shuningdek, ikki va ko‘p tomonlama tadbirlarga tayyorgarlikni muhokama qildilar.
Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan uchrashuvda O‘zbekiston-Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Vstrecha Prezidenta Respubliki Uzbekistan Shavkata Mirziyoyeva i Prezidenta Kirgizskoy Respubliki Sadira Japarova
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Ikki mamlakat hukumatlari tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, iqtisodiy loyihalar va gumanitar dasturlarni, shu jumladan hududlar darajasida ilgari surish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar ko‘rishi muhimligi ta’kidlandi.
Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini ishga tushirish jarayonini tezlashtirish to‘g‘risida kelishib olindi. Shuningdek, mintaqaviy kun tartibi yuzasidan fikr almashildi, oliy darajadagi tadbirlar jadvali ko‘rib chiqildi.