TOShKENT, 27 mar — Sputnik. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Ikkinchi jahon urushining o‘zbekistonlik qahramonlari” nomli maxsus gologramma ekspozitsiyasi tashkil etiladi, deya xabar berdi markaz axborot xizmati.
Ushbu loyiha doirasida urush yillarida Vatan himoyasi va insoniyat tinchligi yo‘lida jonbozlik ko‘rsatgan o‘zbekistonlik qahramonlarning hayoti va jasorati interaktiv texnologiyalar yordamida namoyish etiladi.
Qayd etilishicha, loyihani amalga oshirish uchun ilmiy-ijodiy guruh shakllantiriladi.
Mazkur guruh Ikkinchi jahon urushida qatnashgan o‘zbekistonlik jangchilar, mehnat fronti fidoyilari va ularga doir tarixiy materiallarni chuqur o‘rganib, hujjatlarga asoslangan holda ma’lumotlar tayyorlaydi.
Ekspozitsiyada gologrammalar bilan bir qatorda, qahramonlarning fotosuratlari, arxiv hujjatlari va turli eksponatlar ham o‘rin oladi.
“Ushbu loyiha nafaqat urush qahramonlari xotirasini abadiylashtirishga xizmat qiladi, balki yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, tarixiy xotirani mustahkamlash va texnologik innovatsiyalar yordamida tarixiy haqiqatlarni yetkazishning yangi uslubini yaratishga ham zamin hozirlaydi”, — deyilgan xabarda.