TOShKENT, 21 mar – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga Rossiya prezidenti Vladimir Putindan Navro‘z bayrami munosabati bilan tabrik keldi, deya xabar berdi O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati.
“Rossiya-O‘zbekiston munosabatlari strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhida muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan o‘zaro manfaatli ikki tomonlama aloqalarni bundan buyon ham do‘st xalqlarimiz farovonligi, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash yo‘lida faol rivojlantiramiz, deb ishonaman”, - deyiladi Rossiya prezidenti tabrik matnida.
Putin Mirziyoyevga chin qalbdan mustahkam sog‘lik va muvaffaqiyatlar, O‘zbekistonning barcha fuqarolariga esa baxt-saodat va farovonlik tilagan.