TOShKENT, 21 mar – Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovni Rossiyaning oliy davlat ordeni – Birinchi darajali Avliyo apostol Andrey ordeni bilan taqdirladi, deb yozadi RIA Novosti.
Lavrov Vatan oldidagi alohida xizmatlari, Rossiya Federatsiyasining tashqi siyosati yo‘nalishini ishlab chiqish va amalga oshirishga qo‘shgan ulkan hissasi, ko‘p yillik samarali davlat faoliyati uchun taqdirlangan.
Sergey Lavrov bugun 75 yoshga to‘ldi. Rossiya TIV rahbari lavozimida deyarli 22-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda.
Birinchi darajali Avliyo apostol Andrey ordeni Rossiya imperiyasidagi birinchi va eng oliy orden bo‘lgan. 1917-yilgacha jami ming nafarga yaqin kishi mukofotlangan. Oktabr inqilobidan keyin Rossiya imperiyasining boshqa mukofotlari singari tugatilgan. 1998-yilda esa qayta tiklangan va Rossiya Federatsiyasining oliy davlat mukofoti sanaladi.