TOShKENT, 20 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev iqtisodiy taraqqiyot, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchi Suma Chakrabartini qabul qildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Uchrashuvda maslahatchining joriy yilgi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.
“Mamlakatimiz investitsiyaviy salohiyatini xalqaro maydonda yanada ilgari surish, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini yakunlash bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish, xorijdagi yetakchi ta’lim muassasalarida davlat xizmatchilarining malakasini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi”, — deyiladi xabarda.
Bo‘lajak O‘zbekiston investitsiya salohiyati "roud-shousi" va Toshkent xalqaro investitsiya forumini yetakchi xorijiy kompaniyalar va moliyaviy institutlarni jalb qilgan holda yuqori saviyada o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi huzurida Toshkent xalqaro tijorat sudini ishga tushirishning amaliy jihatlari, mamlakatning xalqaro reytinglardagi o‘rnini mustahkamlash, iqtisodiy rivojlanish sohasida fundamental tadqiqotlar olib borish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlarga to‘xtalib o‘tildi.