TOShKENT, 9-mart — Sputnik. O‘zbekistonlik gimnastikachi Oksana Chusovitina Jahon kubogida oltin medalni qo‘lga kiritdi, deya xabar berdi Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
Gimnastika afsonasi Oksana Chusovitina Boku shahri mezbonlik qilayotgan Jahon kubogida final yo‘llanmasiga ega chiqqan edi. Chusovitina saralash bosqichida 13.266 ball to‘pladi.
"Hal qiluvchi bosqichda u o‘zining sevimli tayanib sakrash dasturida eng yuqori natija qayd etib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. Chusovitinaning chiqishi hakamlar tomonidan 13.516 ball bilan baholandi", — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oksana Chusovitina Germaniyaning Kotbus shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon kubogi bosqichida bronza medalini qo‘lga kiritgan edi.