TOShKENT, 4 mar — Sputnik. Qirg‘izistonning Rossiyadagi elchisi Kubanichbek Bokontayev Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) mamlakatlari fuqarolari uchun Rossiya aeroportlari, migratsiya markazlari va idoralarida alohida yo‘laklar ochishni taklif qildi, deb yozmoqda Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, Rossiya Davlat dumasining MDH, Yevroosiyo integratsiyasi va vatandoshlar bilan aloqalar qo‘mitasi raisi Leonid Kalashnikov Qirg‘izistonning Rossiyadagi elchisi Kubanichbek Bokontayev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda elchi qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritishda YeOII ishchilari uchun berilgan imtiyozlarni saqlab qolishga chaqirdi. Shuningdek, qabul qilingan meyoriy-huquqiy hujjatlarda integratsiya birlashmasining maqsadlariga erishishga xizmat qiladigan YeOII mamlakatlari ishchilari uchun nazarda tutilgan barcha imtiyozli shart-sharoitlarni saqlab qolish va ta’minlash zarurligini ta’kidladi.
“Diplomatik missiya rahbari Moskva va butun Rossiya bo‘ylab aeroportlar va migratsiya markazlari va idoralarida YeOII mamlakatlari fuqarolari uchun alohida o‘tish joylari (yo‘laklar) va xizmat ko‘rsatish oynalarini ochishni taklif qildi”, — deyiladi xabarda.
Tomonlar Qirg‘iziston va Rossiya o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlari va strategik sheriklikni yanada mustahkamlash uchun doimiy aloqalarni davom ettirishga kelishib olishgan.