TOShKENT, 2 mart — Sputnik. Malayziyaning yetakchi media kompaniyasi Imom Buxoriy haqida badiiy film va serial suratga olishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi "Dunyo" AA.
O‘zbekiston elchixonasida Malayziyaning "Aquila Emas" media kompaniyasi direktori Sharizan Isa bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Sharizan Isa Malayziya va O‘zbekiston kinoijodkorlari ishtirokida Imom Buxoriy hayoti va ilmiy-ma’naviy merosiga bag‘ishlangan ingliz tilida badiiy film va serial suratga olish rejalarini ma’lum qildi.
"Film ssenariysini ishlab chiqish maqsadida Imom Buxoriy hayoti va ijodiga tegishli ilmiy asoslangan ma’lumotlarni yig‘ish va soha ekspertlari bilan kelishishni maqsad qilganmiz", — dedi u.
Qayd etilishicha, mazkur loyihani amalga oshirish maqsadida kompaniya vakillari iyun oyida O‘zbekistonga kelishadi.