TOShKENT, 28 fev – Sputnik. Amerika Qo‘shma Shtatlari Angliyadagi Leykenxit aviabazasida yadroviy bombalarni saqlashga mo‘ljallangan WS3 tipidagi yer osti omborxonalarini rekonstruksiya qilmoqda, deb xabar bermoqda Amerika olimlari federatsiyasi.
Leykenxit bazasidan yadro qurollari 2008-yilda olib ketilgan edi. Hozir u yerda faqat AQSh Harbiy-havo kuchlarining yadroviy bomba olib yurishga qodir F-15E va F-35A qiruvchi samolyotlari joylashgan.
"2025 yilning fevral oyi holatiga ko‘ra, Leykenxitda yadro qurollari joylashtirilgani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Bizning fikrimizcha, yadroviy missiyaning qaytishi, birinchi navbatda, hozir qurollarni joylashtirish uchun emas, balki zahira varianti sifatida ko‘zda tutilgan", - deyiladi hisobotda.
Shuningdek, 2023-moliya yilida Qo‘shma Shtatlar Leykenxit harbiy-havo kuchlari bazasida "maxsus qurollar" saqlanadigan omborlarni modernizatsiya qilish uchun mablag‘ ajratgani ta’kidlangan.
“Maxsus qurollar” atamasi AQSh hukumati tomonidan yadroviy qurolga ishora qilganda qo‘llaniladi”, — deyiladi hisobotda.
Amerika olimlari federatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda NATOning YeIdagi oltita havo bazasida 100 taga yaqin taktik yadroviy bombalar saqlanmoqda. Xususan, Germaniyadagi Reynland-Pfalse, Belgiyadagi Klyayne-Brogel, Niderlanddagi Volkel, Italiyadagi Gedi havo bazalarida 15 tadan yadro bombasi. Shuningdek Italiyaning Aviano va Turkiyaning Injirlik havo bazalarida 20 tadan yadroviy bomba bor.