TOShKENT, 18 fev — Sputnik. Oliy Majlis Senatining to‘rtinchi yalpi majlisi 20-fevral kuni chaqiriladi, deya xabar berdi O‘zbekiston yuqori palatasi matbuot xizmati.
“Senatorlar fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash, tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, kredit axboroti almashinuvini yanada takomillashtirish, soliq ma’muriyatchiligi, yer uchastkalaridan foydalanish, qurilish tartibi, donorlik harakatiga doir hamda oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonunlarni ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, yalpi majlis kun tartibidan sud, mahkumlarning jazo o‘tashdagi huquqlari, chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish sohasi bilan bog‘liq qonunlar ham o‘rin olgan.
Bundan tashqari, to‘rtinchi yalpi majlisda bir qator xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilish va ularga qo‘shilish masalalari aks etgan qonunlar ham ko‘rib chiqiladi. Shu bilan birga, Samarqand viloyatining Samarqand shahri, Samarqand va Oqdaryo tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala ham muhokama qilinadi.