TOShKENT, 13 fev — Sputnik. O‘zbekistonda endi maktab o‘quvchilarini kasb-hunarga o‘qitishda tadbirkorlar jalb etiladi. Bu haqda hukumat qarori bilan qabul qilingan tegishli nizomda nazarda tutilgan.
Nizomda o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitishda umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bilan tadbirkorlar va hunarmandlarning o‘zaro hamkorlik qilish tartibi belgilandi.
Nizom quyidagilarni nazarda tutadi:
umumiy o‘rta ta’lim muassasalari va tadbirkorlar o‘rtasidagi hamkorlik yo‘nalishlari;
umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitishni tashkil etish tartibi;
tadbirkorlar tomonidan maktablarda kasb-hunar to‘garaklarini tashkil etish asoslari;
umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining bo‘sh turgan binolarini tadbirkorlarga ijaraga berishda umumiy o‘rta ta’lim muassasasi va tadbirkorlarning majburiyatlari.
“Kasb to‘garaklariga kasbga qiziqishi bo‘lgan 7–11-sinf o‘quvchilari jalb etiladi”, — deyiladi xabarda.
Shu yildan 8-sinf o‘quvchilari uchun sanoat, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, agrotexnologiya sohalaridagi korxona va tashkilotlarga ekskursiyalar tashkil etiladi.
2024/2025 o‘quv yili yakunigacha maktablar bitiruvchilarini egallaydigan kasb-hunari bo‘yicha amaliy imtihondan o‘tkazish va ularga elektron sertifikat berish tartibi joriy etiladi.