TOShKENT, 12 fev — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi prezidenti administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Maksim Oreshkin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Uchrashuv avvalida Maksim Oreshkin davlat rahbariga Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Prezident Uzbekistana prinyal delegatsiyu Rossii
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
“O‘tgan yil may oyida O‘zbekistonga amalga oshirilgan davlat tashrifi va boshqa oliy darajadagi muloqotlar davomida erishilgan kelishuvlarni tasdiqlangan "yo‘l xaritasi"ga muvofiq amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi”, — deyiladi xabarda.
Quyidagi sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kompleks choralar ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi:
savdo-iqtisodiy hamkorlikning rivojlanish sur’atini saqlab qolish;
sanoat kooperatsiyasi va elektron tijorat loyihalarini qo‘llab-quvvatlash;
suv xo‘jaligi, oliy ta’lim va muhandis kadrlar tayyorlash;
sun’iy intellekt;
madaniy almashinuv va sport.