TOShKENT, 10 fev — Sputnik. Vladimir Zelenskiy Ukrainaga AQSh va Yevropa Ittifoqi tomonidan xavfsizlik kafolatlari berilishi sharti bilan Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralarga tayyor ekanini aytdi, deb yozmoqda RIA Novosti Britaniya telekanaliga tayanib.
"Ha, agar menda Amerika va Yevropa bizni tashlab ketmasligi, bizni qo‘llab-quvvatlashi va xavfsizlik kafolatlarini berishi bo‘yicha tushuncha bo‘lsa, men muzokaralarning har qanday shakliga tayyorman", — dedi Zelenskiy Britaniyaning ITV News telekanaliga bergan intervyusida Putin bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarga tayyorligi haqidagi savolga javob berayotib.
Shuningdek, suhbat chog‘ida Zelenskiy Ukrainadagi mojaroga 2025-yilda barham berish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligiga ishontirdi. Uning ta’kidlashicha, AQSh prezidenti Donald Tramp mojaroning tezroq tugatilishini istaydi va uni Yevropa Ittifoqi bilan birgalikda Rossiyaga bosimni, birinchi navbatda, sanksiyalarni kuchaytirishga chaqirdi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin avvalroq murosali yechim topish istagi paydo bo‘lsa, Ukraina bo‘yicha muzokaralar istalgan odam bilan olib borilishi mumkinligini aytib, Zelenskiy o‘zining noqonuniyligi tufayli hech narsaga imzo chekishga haqqi yo‘qligini ta’kidlagan edi. Putinning eslatishicha, Kiyev avvalroq Zelenskiy imzolagan muzokaralarni taqiqlovchi farmonni bekor qilish yo‘lini topishi kerak – buni, masalan, Oliy Rada raisi amalga oshirishi mumkin. Agar Zelenskiyning o‘zi muzokaralarda qatnashmoqchi bo‘lsa, Rossiya prezidenti buning uchun maxsus odamlar ajratishga tayyorligini bildirdi.