TOShKENT, 5 fev — Sputnik. O‘zbekiston shu yilning 1-oktabriga qadar Qozog‘istonga 16 milliard kub metr suv jo‘natadi, deya xabar berdi Qozog‘iston Suv xo‘jaligi va irrigatsiya vazirligi matbuot xizmati.
Bunday kelishuvga Qozog‘iston suv xo‘jaligi va irrigatsiya vaziri Nurjan Nurjigitov va O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamrayev ikki tomonlama suv hamkorligini chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhining 12-yig‘ilishida erishildi.
Tomonlar qayd etishicha, o‘tgan suv xo‘jaligi yilida (2023 yil oktabr – 2024-yil oktabr) Qozog‘istonga 15 milliard kub metr suv jo‘natilgan. Shunday qilib, joriy suv xo‘jaligi yilida bu hajmni 1 milliard kub metrga oshirish kutilmoqda.
O‘zbekiston tomoni 2025-yilgi sug‘orish mavsumida Do‘stlik kanali orqali barqaror suv ta’minotini ham ta’minlashga ko‘maklashadi.
Bundan tashqari, vazirlar Qozog‘istonning Turkiston viloyati va O‘zbekistonning Jizzax viloyati fermerlarining suv ta’minotini yaxshilash imkonini beruvchi davlatlararo kanallarda ta’mirlash ishlarini birgalikda olib borishga kelishib olishdi.
“Muhokama qilinadigan yana bir mavzu Sirdaryoda suvini hisobga olishni avtomatlashtirish bo‘ldi. Biz ilgari har bir mamlakatda bunday tizimlar o‘rnatiladigan dastlabki 10 ta 5 ta nuqtani belgilab olganmiz. Bugun biz loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish uchun texnik shartlarni kelishib oldik”, – dedi Qozog‘iston suv xo‘jaligi va irrigatsiya vaziri.
Aytilishicha, fevral oyida qo‘shma ishchi guruhning xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokidagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unda kelgusidagi qo‘shma harakatlar muhokama qilinadi.