TOShKENT, 24 yanv — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida (YeOII) ikkinchi sanoat kooperatsiya loyihasi tasdiqlandi, dedi Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) sanoat siyosati departamenti raisi o‘rinbosari Georgiy Arzumanyan.
Bu Qozog‘istonda quriladigan korxona bo‘ladi. U kombaynlar uchun kabinalar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Qo‘shma loyihada Qozog‘istondan “Kazrostinjiniring”, Belarusdan “Kuvo” va “Saleo” korxonalari hamda Rossiyaning “Rostselmash” korxonalari ishtirok etadi.
Loyihaning umumiy qiymati 87 mln rubl bo‘lib, undan 74 mln rubli — kredit mablag‘lari bo‘ladi. YeIK tomonidan ajratiladigan 34-35 mln rubl subsidiya yordamida yangi tashkil qilinayotgan korxona yiliga 3 foizli kredit olish imkoniga ega bo‘ladi.
"Loyiha amalga oshirilishi natijasida kombaynlar uchun kabinalar ishlab chiqarish to‘liq mahalliylashtiriladi. Yiliga 700 tadan 1000 tagacha kombayn ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi, 50 kishi ish bilan ta’minlanadi", - deydi Arzumanyan.
Ma’lumot uchun, YeOIIda sanoat kooperatsiyasi — bu 2025-yilda ilk bor qo‘llanishi boshlangan yangi mexanizm. U YeOIIning uch yoki undan ortiq a’zolari ishtirok etayotgan sanoat kooperatsiya loyihalariga Ittifoq miqyosida arzon foizli moliya manbalarini jalb etish imkonini beradi. O‘zbekiston ham YeOIIning ushbu kooperatsiya shaklini katta qiziqish bilan o‘rganayotgani haqida oldin xabar bergan edik.