TOShKENT, 22 yanv — Sputnik. O‘zbekiston Mudofaa vazirligi mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash sohasida Rossiya bilan ikki tomonlama hamkorlik darajasini yuqori baholaydi va uni yanada rivojlantirishdan manfaatdor. Bu haqda O‘zbekiston mudofaa vaziri Shuhrat Xalmuhamedov ma’lum qildi.
“Mamlakatlarimiz mudofaa vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda. O‘zbekiston Mudofaa vazirligi Rossiya Federatsiyasi bilan mudofaa va mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning erishilgan darajasini yuqori baholaydi va uni yanada rivojlantirishga katta ahamiyat beradi”, — dedi Xalmuhamedov rossiyalik hamkasbi Andrey Belousov bilan muzokaralar chog‘ida.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya O‘zbekiston uchun vaqt sinovidan o‘tgan hamkor, ulkan salohiyatga, qadimiy tarixga, boy madaniyatga ega mamlakat bo‘lib, respublikani tarixan mustahkam do‘stlik, o‘zaro hamjihatlik va hurmat an’analari bog‘lab turadi.
Shuningdek, u ikki davlat prezidentlarining siyosiy irodasi va shaxsiy do‘stona munosabatlari tufayli “Rossiya va O‘zbekiston strategik sheriklikning sifat jihatidan yangi bosqichiga ko‘tarilganini” ta’kidladi.