Toshkent viloyatida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sport bazasi qurilmoqda — tafsilotlar

Sport bazasi “Xo‘jakent” qishlog‘i hududida joylashgan.
Sputnik
TOShKENT, 16 yanv — Sputnik. Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi 50 gektar yer maydonida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sport bazasi qurilmoqda. Bu bo‘yicha viloyat hokimining tegishli qarori imzolandi, deya xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.
Bo‘stonliq tumani “Qoronqul” MFY, Xo‘jakent qishlog‘i hududidan 50 gektar yer maydoni adaptiv sport turlari bilan professional shug‘ullanuvchi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mashg‘ulot bazasi barpo etish uchun ajratildi.
Mazkur baza prezidentning “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni sportga jalb etish orqali jismoniy reabilitatsiya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil qilinmoqda.
“Viloyatda 14 ta parasport turi bilan shug‘ullanishga sharoit yaratilgan. 500 nafarga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxslar sport bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda. Bu boradagi imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida qator chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan. Xususan, davlat sport maktablarida adaptiv sport bo‘yicha guruhlar tashkil etish, mahallalardagi maydonchalarni nogironligi bo‘lgan shaxslarga ham moslashtirish kabilardir”, — deyiladi viloyat hokimligi matbuot xizmati xabarida.
Ma’lumot uchun prezidentning “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni sportga jalb etish orqali jismoniy reabilitatsiya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, shu yilning 1-fevralidan nogironligi bo‘lgan shaxslarga jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlari hamda adaptiv sport turlari bo‘yicha guruhlar tashkil etilgan sport maktablarini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining mobil ilovasi orqali tanlash imkoniyati yaratiladi.
Toshkentda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun taksi xizmati ishga tushdi — u qanday ishlaydi?