Hindiston kompaniyasi O‘zbekistonda transport va motor moylari ishlab chiqarishi mumkin

O‘zbekiston elchisi Hindistonning yirik kompaniyalar vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Sputnik
TOShKENT, 13 yanv — Sputnik. Mumbay shahrida O‘zbekistonda Hindistonning yirik kompaniyasi bilan hamkorlikda transport vositalari va motor moylari ishlab chiqarish istiqbollari muhokama qilindi, deb yozmoqda "Dunyo" AA.
O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev Hindistonning yirik kompaniyalar guruhi hisoblanadigan "Hinduja Group - India" raisi Ashok Hinduja va "Hinduja Group - Europe" raisi Prakash Hinduja bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Elchi hindistonlik tadbirkorlarga O‘zbekistonda iqtisodiyotning turli tarmoqlariga zamonaviy texnologiyalar jalb qilish, raqobatbardosh yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish, sanoatga ilg‘or xalqaro tajriba va ko‘nikmalarni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdi.

“Hinduja Group" rahbar vakillari O‘zbekistondagi yangilanish jarayoni xalqaro reytingi yuqori bo‘lgan turli yirik kompaniyalarning mamlakat bozoriga kirib kelishi va samarali sheriklik qilishi uchun mustahkam asos bo‘layotganini ta’kidladi, o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalar amalga oshirish bo‘yicha istiqbolli rejalar ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi”, — deyiladi xabarda.

Tomonlar O‘zbekistonda hamkorlikda hayotga tadbiq etiladigan loyihalar, xususan, transport vositalari va motor moylari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildi.
Hindistonning eng yirik kompaniyasi O‘zbekiston bilan hamkorlik qilmoqchi