TOShKENT, 3 yanv — Sputnik. O‘zbekiston va Xitoyning Guandun provinsiyasi bilan iqtisodiy diplomatiya yo‘nalishidagi hamkorlik jadallashmoqda. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Bosh konsulxona xodimlari Guandun provinsiyasi Xalqaro savdoni rag‘batlantirish qo‘mitasi prezidenti Chen Siyaofen bilan uchrashuv o‘tkazishdi.
Muloqot chog‘ida Chen Siyaofen mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar rivojlanib borayotganidan mamnunligini qayd etib, O‘zbekistonda yaratilgan qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yuqori baholadi.
Xitoy tomoni ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiya hamda turizm yo‘nalishlaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida aniq chora-tadbirlarni amalga oshirishga tayyorligini ta’kidladi.
Guandun provinsiyasi bilan iqtisodiy diplomatiya yo‘nalishidagi jarayonlarni jadallashtirish uchun 2025-yilda qo‘shma biznes-forum, ko‘rgazma va yarmarkalar o‘tkazish, istiqbolli investitsion loyihalar taqdimotlarini o‘tkazish hamda hududdagi kompaniyalardan iborat guruhlarni O‘zbekistonga biznes-missiyalarini amalga oshirish masalalarini ishlab chiqishga kelishib olindi.