TOShKENT, 2 yanv — Sputnik. Kuvayt kompaniyasi Sirdaryo viloyatida innovatsion parrandachilik fermasini tashkil etishga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Sirdaryo viloyati hokimining investitsiya va tashqi savdo bo‘yicha o‘rinbosari Bobur Xudjamov, Boyovut tumani hokimining o‘rinbosari Bobur Abdumalikov va Kuvaytning “AAH Commercial Company” kompaniyasi rahbari Ali al-Harbiy o‘rtasida onlayn muzokaralar tashkil etildi.
Kuvayt vakili Sirdaryo viloyati, xususan Boyovut tumanining savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va eksport salohiyati bilan tanishtirildi. Ali al-Harbiy Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida 10 gektar yer maydonda innovatsion parrandachilik fermasini tashkil etish loyihasiga 5 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
Loyihaning asosiy maqsadi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash doirasida halol tovuq mahsulotlarini O‘zbekistondan qo‘shni davlatlarga, Yaqin Sharq va Osiyo mamlakatlariga eksportni amalga oshirishdan iborat.
O‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab olish maqsadida “AAH Commercial Company” vakillarining O‘zbekistonga safarini uyushtirishga kelishib olindi.