TOShKENT, 26 dek — Sputnik. Bolalar milliy tibbiyot markazida rossiyalik mutaxassislar ishtirokida ilk bor jigar transplantatsiyasi amalga oshirildi, deya xabar berdi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, Bolalar milliy tibbiyot markazida ilk bor 15 yoshli bemorda ana shunday amaliyot muvaffaqiyatli bajarildi.
Jigar transplantatsiyasi — o‘ta noyob operatsiya. Ayniqsa, uni bolalarda o‘tkazish juda murakkab hisoblanadi.
“Ushbu yuqori texnologik amaliyot markaz jarroh va transplantologlari hamda Moskvadagi Akademik V.I.Shumakov nomidagi transplantatsiya va sun’iy organlar markazi yetakchi mutaxassislari hamkorligida bajarildi”, — deyiladi xabarda.
Natijada surunkali jigar yetishmovchiligi hamda autoimmun gepatit tashxisi qo‘yilgan 15 yoshli Umidjon Mirkamolov darddan forig‘ bo‘ldi. Unga otasi Kamoliddin Isroilov donorlik qildi, boshqacha aytganda, ota o‘z o‘g‘liga ikkinchi umr bag‘ishladi.
Hozir bemorning ahvoli yaxshi. Shifokorlar nazorati ostida zarur tibbiy muolajalar davom ettirilmoqda.