O‘zbekistonda “Toshkent – MDH 2024 yoshlar poytaxti” xalqaro loyihasi yakunlandi

Lebedev:Toshkent hayotning turli jabhalarida erishayotgan yutuqlari bilan Hamdo‘stlik yoshlarini ruhlantirmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 25 dek — Sputnik. O‘zbekistonda “Toshkent – MDH 2024 yoshlar poytaxti” xalqaro loyihasi yakunlandi, deya xabar berdi MDH Ijroiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
MDH bosh kotibi Sergey Lebedev loyihaning yopilish marosimi tashkilotchilari va ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi. Unda MDHning birinchi Yoshlar poytaxti bo‘lgan Toshkent shahri bu yuksak maqomni munosib tasdiqlagani aytiladi.
Loyiha doirasida tashkil etilgan tadbirlar dasturi boy va qiziqarli bo‘ldi. Lebedev O‘zbekiston poytaxti Yoshlar masalalari bo‘yicha kengash yig‘ilishi o‘tkaziladigan joyga aylanganini, unda Hamdo‘stlik mamlakatlari o‘rtasida ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan qator qarorlar qabul qilinganini eslatdi.
Shaharda MDHga a’zo davlatlarning yoshlar jamoat tashkilotlari va ko‘ngillilarining forumlari bo‘lib o‘tdi.
Jahon yoshlar festivali doirasida ilmiy-amaliy konferensiya, yosh diplomatlar sammiti, biznes-marafon va boshqa qator yoshlar tadbirlari Toshkentning mehmondo‘stlik, innovatsiyalar va xalqaro hamkorlik markazi ekanligini yana bir bor namoyon etdi.
“Toshkent hayotning turli jabhalarida erishayotgan yutuqlari bilan Hamdo‘stlik yoshlarini ruhlantirmoqda. Bu yosh avlodning har tomonlama kamol topishiga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va qo‘llab-quvvatlashning yorqin misolidir. “MDH yoshlar poytaxti” xalqaro loyihasining Toshkentda amalga oshirilishi boshqa shaharlar uchun ham yuksak marra o‘rnatdi va yoshlarning xalqaro hamkorligida qimmatli tajribaga aylanadi, – dedi Hamdo‘stlik bosh kotibi.
Shuningdek, Toshkent o‘zining bunyodkorlik an’analarini saqlab qolishga, Hamdo‘stlik makonida gumanitar sheriklikni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.
Toshkentga yangi maqom berish marosimi qanday o‘tdi?