TOShKENT, 22 dek — Sputnik. Xitoyning Shanxay shahrida turli sohalarda faoliyat yuritayotgan 70 dan ortiq kompaniya vakillari uchun "O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi" mavzusida taqdimot o‘tkazildi, deb xabar berdi "Dunyo" AA.
Muloqot chog‘ida ishtirokchilarga O‘zbekiston bilan iqtisodiy va savdo aloqalarini rivojlantirish va hududlarning darajasidan kelib chiqqan holda investorlarga soliq va kommunal xizmatlarda taqdim etiladigan imtiyozlar bo‘yicha ma’lumot berildi.
Mahsulot eksportida davlat tomonidan qisman qoplanadigan yo‘l xarajatlari, Yevropa mamlakatlariga mahsulotlarni to‘lovsiz eksport huquqini beradigan "GSP+" tizimi va boshqa bir qator yaratilgan imkoniyatlar tadbir ishtirokchilarida juda katta qiziqish uyg‘otdi.
Suhbat davomida mehnat migratsiyasi masalasi ham muhokama qilindi.
Hukumatning bu boradagi siyosati, migratsiya bozorini diversifikatsiya qilish, O‘zbekistonda migrantlar sonining ko‘payishi, ularni kasb-hunarga o‘qitish markazlarini tashkil etish va bu sohada yaratilgan shart-sharoitlar alohida e’tirof etildi.
“Uchrashuv yakunida "Global alyansning barqaror rivojlanish" jamg‘armasi raisi Chjan Chixua bilan yil yakuniga qadar Xitoyning yirik kompaniyalari tarkibida O‘zbekistonga biznes missiyasini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi”, — deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, avvalrov ikki davlat fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim to‘g‘risidagi bitim imzolangandi. Toshkent-Xanchjou va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi sayyohlar soni esa yildan-yilga orttmoqda.