TOShKENT, 18 dek — Sputnik. Farg‘ona shahrida yuzaga kelgan yong‘in oqibatida 4 nafar fuqaro halok bo‘ldi, deya xabar berdi Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmati.
Kecha, 17-dekabr kuni, soat 13:45 larda Farg‘ona shahar, Yangiyo‘l mahallasidagi “Petrolium” propan gaz quyish shoxobchasida 5 m. kub sig‘imli konteynerga gaz quyish jarayonida yoriq kelib chiqib, gaz moddasi tashqariga sizib chiqishi oqibatida portlash va yong‘in sodir bo‘lgan.
“Natijada 1 nafar fuqaro voqea joyida halok bo‘lgan, shu hududda bo‘lgan bir nechta fuqarolar turli darajada tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan ulardan 3 nafari shifoxonada vafot etgan”, — deyiladi xabarda.
Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona viloyat IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi “a” bandi hamda 259-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
“Hozirgi kunda jinoyat ishi doirasida 5 nafar shaxs protsessual tartibda qamoqqa olingan, 2 nafar shaxsni ushlash choralari ko‘rilmoqda”, — deyilgan xabarda.
Holat yuzasidan tegishli ekspertizalar tayinlangan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.