TOShKENT, 15 dek — Sputnik. O‘zbekiston 2024-yilda Gender tenglik va boshqaruv indeksida (GEGI) 52-o‘rinni egalladi, deya xabar berdi yuqori palata matbuot xizmati.
“O‘zbekiston gender tenglik bo‘yicha sezilarli yutuqlarga erishdi. O‘zbekiston 2024-yilda Gender tenglik va boshqaruv indeksi 72,8 ball to‘plab, 52-o‘rinni egalladi”, — deyiladi xabarda.
2022 yilgi natijalar bilan taqqoslaganda, O‘zbekiston ushbu ko‘rsatkichlar bo‘yicha 51 ta pog‘onaga ko‘tarilgan.
Ushbu indeks 158 ta mamlakatni qamrab olib, gender tenglikka erishish yo‘lida muvaffaqiyat va kamchiliklarni aniqlash imkonini beradi.
O‘zbekistonning yutuqlari asosidagi muhim islohotlar:
Xotin-qizlarni IT va STEM sohalariga faol jalb etish;
Qizlar uchun raqamli ko‘nikmalar bo‘yicha ta’lim dasturlarining ishga tushirilishi;
Ayollar huquqlarini himoya qilish va gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar.
“Boshqaruv, ta’lim, IT, mehnat, tadbirkorlik va zo‘ravonlikning oldini olish sohalarida erishilgan ijobiy natijalar O‘zbekistonning dunyo miqyosidagi nufuzini yanada mustahkamlamoqda. Ushbu yutuqlar aziz opa-singillarimiz manfaatlari yo‘lidagi siyosatimizning yorqin natijasidir. Biz bundan keyin ham ularning farovon hayotlarini ta’minlash yo‘lidagi ishlarimizni izchillik bilan davom ettiramiz”, — deyilgan xabarda.