TOShKENT, 7 dek — Sputnik. O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi hamda veterinariya va chorvachilik sohalarida institutlar tashkil etiladi. “Qishloq xo‘jaligi hamda veterinariya va chorvachilik sohalari kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, quyidagilar tashkil etiladi:
Qishloq xo‘jaligi sohasi kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti;
Veterinariya va chorvachilik sohasida pedagog hamda mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti.
Ularda qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga qat’iy hisobda turadigan davlat namunasidagi hujjat hisoblanadigan sertifikat beriladi.
2025 yil 1-yanvargacha ularga nufuzli xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarini bitirgan vatandoshlar va chet ellik mutaxassislar jalb qilinadi.
Shuningdek, “El-yurt umidi” jamg‘armasi institutlarning mahalliy professor-o‘qituvchilarini jamg‘arma mablag‘lari hisobidan xorijiy yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga malaka oshirish, stajirovka va o‘qishga yuborish choralarini ko‘radi.