TOShKENT, 4 dek — Sputnik. Pekin shahrida Xitoyda O‘zbekiston turizm yilining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi "Dunyo" AA.
Tadbir mamlakat elchixonasi, O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi, Xitoy madaniyat va turizm vazirligi hamda Xalqaro turizm tashkiloti (UNWTO) hamkorligida tashkil etildi.
"Xitoy madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Lu Inchuan O‘zbekiston Xitoy fuqarolari uchun jozibali sayyohlik maskaniga aylanib borayotganini ta’kidladi. UNWTO bosh kotibi Zurab Polikashvili o‘z nutqida O‘zbekiston yuksak turizm salohiyatiga ega mamlakat ekanligini alohida qayd etib, UNWTO sayyohlik sohasida O‘zbekiston bilan yaqindan hamkorlikni faol davom ettirishini qayd etdi", —deyiladi xabarda.
Tadbir davomida, shuningdek, turizm va investitsiyalar bo‘yicha biznes-forum, taqdimotlar va B2B uchrashuvlari o‘tkazildi.
Mehmonlar e’tiboriga O‘zbekiston san’at ustalari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi. Shuningdek, ishtirokchilarga milliy taomlar ulashildi.
Xitoyda O‘zbekiston turizm yili doirasida Pekin, Shanxay, Guanchjou, Xanchjou, Sian, Tanszin, Shenchjen, Chendu va boshqa ko‘plab shaharlarda turli madaniy, turistik va iqtisodiy tadbirlar, mediaturlar, sayyohlik kompaniyalari tashriflari, Xitoy ommaviy axborot vositalarida turkum maqola va ko‘rsatuvlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil 1-dekabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I o‘zaro vizadan ozod qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni imzolashgan. Bitimga muvofiq, O‘zbekiston va Xitoy fuqarolari ikki davlat hududlariga kirish, undan chiqish yoki tranzit qilish uchun 30 kungacha muddatga viza talablaridan ozod qilinadi. Mazkur xalqaro shartnoma tomonlar zarur bo‘lgan davlat ichki tartib-taomillarini bajarganidan so‘ng kuchga kiradi.