TOShKENT, 28 noya — Sputnik. Toshkent viloyatining Chinoz tumanida ipakchilik majmuasi qurilishi ishlari boshlandi, deya xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.
Bosh vazir o‘rinbosari Zulayxo Mahkamova Chinoz tumanida qurilishi rejalashtirilgan zamonaviy pillachilik majmuasi loyihasi faoliyatini ko‘zdan kechirdi.
Xitoylik investorlar tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur loyihada tut plantatsiyasi hamda pillachilik majmuasi tashkil etiladi.
“9,7 gektar yer mayjoni ajratilgan bo‘lib, 260 nafar xotin-qizning bandligini ta’minlash reja qilingan. Shuningdek, 8 milliard so‘m investitsiya kiritiladi. Shundan bir yilda 350 quti ipak qurti hamda 25 tonna tayyor va yarim tayyor pilla mahsulotlari yetishtiriladi”, — deyiladi xabarda.
Mahkamova majmua qurilishini tezlashtirish va uning samarali ishlashini ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Qayd etilishicha, klaster Xitoy va Vyetnamning ilg‘or tajribalari asosida barpo etilishi hamda pilla yetishtirishning innovatsion usullarini joriy etishni ko‘zda tutgan.