TOShKENT, 26 noya — Sputnik. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida aholining madaniy hordiq va dam olish maskanlari muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Ushbu qonun loyihasi “Adolat” SDP va Ekologik partiyaning Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari a’zolari tomonidan ishlab chiqildi.
Zapreshayetsya privatizatsiya "botanicheskix sadov" i ix zemel
© Zakonodatelnaya palata Oliy Majlisa respubliki Uzbekistan
“Qonun loyihasida Jinoyat kodeksi, Yer kodeksi, Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risidagi, Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi va Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risidagi qonunlarga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish taklif etilmoqda”, — dedi deputat Xayrillo Gapporov.
Hujjatda madaniy hordiq maskanlari, ularning yerlari hamda ushbu yerlardagi bino-inshootni begonalashtirishni, madaniy hordiq maskanlari hududini qisqartirish, ularda bino-inshoot qurish (yengil turdagi obyektlar bundan mustasno) yoki mavjud bino-inshootni qurilish osti maydonini kengaytirishni taqiqlash nazarda tutilmoqda.
Bu turdagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Bundan tashqari, qonun loyihasi bilan “botanika bog‘lari” muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ro‘yxatiga kiritilyapti. “Botanika bog‘lari” va ularning yerlarini ham begonalashtirish, ularning hududida bino-inshootlar qurish yoki qurilish osti maydonlarini kengaytirish taqiqlanmoqda.
“Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi aholini dam olish maskanlari va boshqa yashil zonalarni muhofaza qilishning mustahkam huquqiy asosini yaratadi. Ushbu maskanlar va ularning hududlarini saqlab qolishga, ekologiya va atrof muhitning yaxshilanishiga hamda mansabdor shaxslarning masuliyatini oshirishga xizmat qiladi”, — dedi Gapporov.
Quyi palata spikeri o‘z so‘zida qonun konsepsiyasi yaxshiligi, lekin “dam olish maskanlari” deganda aynan qanday joylar nazarda tutilganiga aniqlik kirish kerakligini qayd etdi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.