TOShKENT, 25 noya — Sputnik. Toshkentda "Zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakat" global kampaniyasi boshlandi, deya xabar berdi Ijtimoiy himoya milliy agentligi.
“25 noyabrdan boshlab Toshkentda "Zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakat" global kampaniyasi boshlandi. Bu tashabbus Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash kuni munosabati bilan o‘tkaziladi”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, bu kampaniya ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish uchun jamiyatning barcha qatlamlari sa’y-harakatlarini birlashtirish zarurligini eslatadi.
“Ijtimoiy himoya milliy agentligi ushbu muhim tashabbusni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘z logotipini olov rangga o‘zgartirdi. Olov rangi — umid, yorug‘lik va zo‘ravonliksiz kelajak ramzi”, — deya qo‘shimcha qilingan agentlik xabarida.
Xabarda agentlik fuqarolarni ushbu aksiyani qo‘llab-quvvatlash, muammoga e’tibor qaratish va birdamlikni namoyish etishga chaqirgan.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab har kuni 140 nafar ayol va qiz o‘z jufti yoki yaqin qarindoshi tomonidan o‘ldirilmoqda, ya’ni har 10 daqiqa ichida oiladagi zo‘ravonlik oqibatida bir ayol vafot etadi. 2023-yilda dunyo bo‘ylab 85 ming ayol va qiz qasddan odam o‘ldirish qurboni bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar uchun yordam: 102 qisqa raqamiga yoki 1146 ishonch telefoniga murojaat qilish mumkin.